05.11.2022
535
Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi Milliy markaz IEA xalqaro tashkiloti aʼzoligiga taklif etildi.
Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori A.Ismailov boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 29-avgust – 4-sentyabr kunlari Germaniyaning Gamburg shahrida boʻlib oʻtgan TALIS 2024 tadqiqoti doirasidagi “Milliy loyiha menejerlarining 2-uchrashuvi hamda maʼlumotlarni boshqarish boʻyicha trening”da ishtirok etdi. Shu bilan birga, delegatsiya aʼzolari Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiyatsiyasi (IEA)ning Gamburgdagi idorasi faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur tashrif davomida IEAning Gamburg idorasi direktori Juliana Xenk xonim bilan yuzma-yuz uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Oʻzbekistonda taʼlim sifatini baholash sohasidagi islohotlar va ushbu tizimni takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida suhbatlashildi. Shuningdek, Oʻzbekiston umumtaʼlim muassasalarining PISA, PIRLS va REDS xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etishini taʼminlashda Milliy markazda toʻplangan tajribalar, IEA bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish salohiyati va istiqbollari xususida toʻxtalib oʻtildi.
Juliana xonim esa IEAning Oʻzbekiston, xususan Taʼlim inspeksiyasi va Milliy markaz bilan hamkorlik faoliyatidan mamnun ekanligini bildirdi, shuningdek Milliy markaz tomonidan xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda Oʻzbekiston maktablari ilk marotaba qatnashayotgan xalqaro tadqiqotlarda IEA xalqaro standartlarining lozim darajada joriy etilgani va muvaffaqiyatli kechgani quvonarli hol ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, IEA direktori Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi Milliy markazni oʻquvchilarning bilimini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda tajribali tashkilot sifatida IEA aʼzoligiga taklif etdi.
IEA 60 dan ortiq aʼzo davlatlar va tadqiqot institutlari, universitetlar hamda tadqiqot markazlaridan tortib taʼlim vazirliklarigacha boʻlgan qator hamkorlardan iborat. IEA dunyo boʻylab dalillarga asoslangan siyosat va amaliyotlarni ilgari surish orqali taʼlim sohasidagi tadqiqotlarni rivojlantirish va taʼlim sifati hamda tengligini oshirish ustida ish olib boradi.
Share